Tavtologiya (yunoncha, tautologia – aynan oʻsha soʻz) – 1) bir fikrni, mazmunni boshqa soʻz yoki soʻzlar (soʻz birikmasi, ran) bilan takroran ortiqcha ishlatish, soʻzni ortiqcha takrorlash. Masalan, chin haqiqat, gap gapirmoq, butunlay va toʻlaligicha kabi. Tavtologiya tushunchasi pleonazm tushunchasi bilan bogʻliq; baʼzan T.ni pleonazmning bir koʻrinishi deb hisoblashadi. Aslida ular bir xil hodisa emas. Tavtologiya, pleonazmdan farqli oʻlaroq, nutq hodisasi hisoblanib, til tizimi va meʼyori doirasiga kirmaydi. U, odatda, soʻzlovchining mantiqan va til jihatdan yetarli darajada savodxon emasligini koʻrsatadi. Shuning uchun ham fransuz tilshunosi Sh. Balli uni nuqsonli pleonazm deb atagan edi. Uslubiy gʻalizlik natijasi boʻlmay, muayyan uslubiy vosita sifatida qoʻllanganda, tavtologiya nutqning emotsional taʼsirchanligini oshiradi, lekin ilmiy va rasmiy uslublarda T.ga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi; 2) mantiqda oʻziga xos hukm, unda taʼriflanadigan tushuncha aynan oʻzi vositasida taʼriflanadi, yaʼni taʼrifning aniqlovchi qismi aniqlanuvchi qismida ifoda etilgan maʼnoni takrorlaydi. Natijada mazmun bir xil boʻlib qolaveradiyu, uni ifodalagan soʻzlar esa turlicha boʻladi. Tushunchalarni toʻgʻri taʼriflash – mantiqiy talablardan biri. Taʼriflanayotgan tushuncha oʻzi bilan emas, boshqa tushunchalar bilan ifodalanishi va tushunchaning mohiyati ochib berilishi lozim. „Odam insoniy xislatlarga ega boʻlishi lozim“, „tobi qochgan odam kasaldir“ kabi taʼriflarda qaytariq mavjud. Shunday qaytariq mantiqda tavtologiya deb ataladi.