Charles Perrault
Charles Perrault (talaffuzi: Sharl Perro; 12-yanvar 1628-yil — 16-may 1703-yil) — fransuz shoiri va tanqidchisi. Fransiya akademiyasi aʼzosi (1671). XIX-asr fransuz adabiyotida avj olgan „qadimgilar va yangilar bahsi“da ishtirok etib, zamondosh yozuvchilarning qad. yozuvchilardan afzalligini yoqlab chiqqan va shu bilan shuhrat qozongan. Ilk parodiyali dostoni — „Troya devori“ (1653). Shundan keyin uning „Buyuk Lyudovik asri“ (1687) dostoni hamda 4 jildli „Sanʼat va fan masalasida qadimgilar bilan yangilar oʻrtasidagi qiyoslar“ (1688— 89) dialog shaklida yozilgan asari, „Ayollarning taʼrifu tavsifi“ (1694) satirik sheʼri eʼlon qilingan. Perrault soʻnggi 2 asarida Bualo singari zamondoshlari bilan bahs-munozara yuritgan. Perraultning adabiyotning maʼrifiy ahamiyati hamda adabiy taraqqiyotning fan va tamaddunga bogʻliqligi masalasidagi qarashlari fransuz maʼrifatparvarlari tomonidan rivojlantirilgan. Ammo Perraultning fransuz adabiyotidagi katta oʻrni „Onaginam Gusina bonuning ertaklari yoki Oʻtgan zamonlarning ibratli voqea va ertaklari“ toʻplami bilan belgilanadi. Mazkur toʻplam Perrault ning oʻgʻli Darmankur nomidan eʼlon qilingan. U dastlab 8 ta ertakdan tashkil topgan boʻlib, keyinchalik yana 3 ta sheʼriy ertak hisobiga boyigan. Fransuz adabiyotidagi antik madaniyat anʼanalariga qarshi kurashgan Perrault xalq ertaklariga xos „qissadan hissa“ chiqarish tamoyilini samarali, deb hisoblagan. U ertakka hazil-mutoyibalar yordamida chinakam xalq ijodiga xos latofat va jozibani olib kirdi. Perrault „Ertaklar“i fransuz adabiyotida xalqchillikning oshishi va ertakning adabiy janr sifatida rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatgan. Perraultning ertaknavislik anʼanalari akauka Grimmlar, L.Tik, X.K.Andersen singari yozuvchilar tomonidan davom ettirildi. Perraultning „Zolushka“, „Etik kiygan mushuk“, „Koʻk soqol“ singari ertaklari asosida opera va balet spektakllari, multfilmlar yara-tilgan. Perraultning ayrim ertaklari oʻzbek tiliga tarjima qilingan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Volshebnne skazki, Moskva, 1984.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |