Davlat qarzi
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. (2024-10) |
Davlat qarzi — davlatning aholi, firma, tashkilot, banklar, xorijiy moliya-kredit muassasalari oldidagi qarz majburiyatlari. Davlat oʻz daromadlari bilan harajatlarini qoplay olmay qolganda byudjet taqchilligi paydo boʻladi va u qarz koʻtarish yoʻli bilan qoplanadi. Davlat qarzni turli qimmatli qogʻozlar, obligatsiyalar, zayomlar chiqarib sotish, moliya muassasasi (bank)dan ssuda olish va b. usullar bilan oladi. Investiitsiya davlat qarzi deb hisoblanmaydi. D.q.ning toʻlov davriga koʻra qisqa muddatli va uzoq muddatli, tarkibiga koʻra ichki qarz (davlat mamlakatning oʻzidagi iqtisodiy subʼyektlardan qarzdor boʻladi) va tashqi qarz (xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va b.dan qarzdorlik) kabi turlari bor. Ichki qarz va uning foizlari milliy pulda, tashqi qarz va uning foizlari esa erkin almashtiriladigan valyutada toʻlanadi. D.q.ning darajasi, yaʼni qarz yuki qarz va uning foiz summasi yigʻindisini davlat byudjeti summasiga nisbati bilan oʻlchanadi, yaʼni toʻlov majburiyati byudjetning qancha qismiga teng ekanligi bilan belgilanadi. D.q.ning haddan tashqari ortib ketishi iqtisodiyotni izdan chiqaradi, xalq turmush darajasini pasaytiradi (chunki qarzni toʻlash uchun zarur pul byudjetda soliklarni oshirish orqali toʻplanadi), mamlakatdagi iqtisodiy faollikni susaytiradi. Tashqi qarzning koʻpayib ketishi milliy mustaqillikka tahdid soladi, undan qutulishi uchun milliy iqtisodiyotni yuksaltirishga ketadigan investitsiyalarni qisqartirish va hatto milliy boylikning bir qismini xorijga sotishga ham toʻgʻri keladi. Vaqtida toʻlanmagan tashqi qarzga qoʻshimcha foiz toʻlanadi, undiriladigan foiz qarzga qoʻshilib, uning miqdori yanada oshadi.
D.q.ning boʻlishi uni boshqarishni taqozo etadi, yaʼni qarzni olish va toʻlash bilan bogʻliq muayyan choratadbirlarni amalga oshirish lozim boʻladi. Qarz va uning foizlarini toʻlash uchun byudjetdan pul ajratish D.q.ga xizmat qilish deyiladi. D.q.ni toʻlashdagi shartsharoitlarning oʻzgarishi D.q. restrukturizatsiyasi deyiladi. Restrukturizatsiya yuz berganda qarz haqining oʻzgarishi konversiya deyiladi. Qarz toʻlash muddati choʻzilganda D.q. prolongatsiyasi yuz beradi. Qarzning bir turi boshqasiga aylanganda, qisqa muddatli qarz uzoq muddatli qarzga aylanadi va D.q.ning konsolidatsiyasi yuz beradi. D.q.ga oʻrin boʻlmasligi uchun davlat harajatlari davlat daromadlari darajasida boʻlishi lozim. Bunda taqchillikka yoʻl berilmaydi yoki minimal darajaga keltiriladi (mas, Oʻzbekiston davlat ichki qarzini oshirmaslik uchun byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1997 yilda 2,2% ga, 2000 yilda 1% ga keltirildi).
Ahmadjon Ulmasov.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |