Kontent qismiga oʻtish

Huquqiy yordam

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Huquqiy yordam - fuqarolarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishga, tashkilotlarning faoliyatida qonuniylikni taʼminlashga koʻmaklashish. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 116-moddasida tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanganligi, fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat koʻrsatishi belgilab qoʻyilgan. Ushbu konstitutsion normaning mohiyati shundan iboratki, fuqarolar hamda tashkilotlar oʻzlariamalga oshirayotgan xatti-harakatlar toʻgʻrisida toʻliq va yetarli maʼlumotga ega boʻlgandagina fuqarolarning huquq va erkinliklari toʻla ravishda amalga oshiriladi, korxona, tashkilot va muassasalarning faoliyatida esa qonuniylik taʼminlanadi. Avvallari Huquqiy yordam asosan huquqiy maslahatchilar hamda advokatlar tomonidan amalga oshirilardi. Bozor munosabatlari sharoitida fuqarolar, korxona, tashkilot va muassasalarning yuridik yordamga boʻlgan ehtiyoji inobatga olingan holda ushbu yordam ularga turli davlat boshqaruvi organlari (masalan, adliya organlari), nodavlat notijorat tashkilotlari (Savdo-sanoat palatasi), jamoat birlashmalari va hatto turli tijoratchi tashkilotlar tomonidan ham koʻrsatilayapti.

Huquqiy yordam huquqiy masalalar boʻyicha maslahatlar va tushuntirishlar, qonun hujjatlari yuzasidan ogʻzaki va yozma maʼlumotnomalar berish; huquqiy xususiyatdagi arizalar, shikoyatlar va boshqa hujjatlarni tuzish; sudda va boshqa davlat organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning vakili sifatida ishti-rok etish; jinoiy ishlar boʻyicha dastlabki tergovda va sudda himoyachi, jabrlanuvchi, fuqaroviy daʼvogar va fuqaroviy javobgarning vakili sifatida ishtirok etish hamda tadbirkorlik faoliyatiga yuridik xizmat koʻrsatish orqali amalga oshiriladi. Huquqiy yordam haq evaziga yoki tekinga amalga oshirilishi mumkin. Davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda turli jamoat birlashmalari asosan tekinga yuridik yordam koʻrsatishadi. Advokatning huquqiy yordami uchun haq toʻlash advokat bilan mijoz oʻrtasida ixtiyoriy ravishda tuziladigan bitim (shartnoma) asosida amalga oshiriladi. Shaxs toʻlovga qobiliyat-sizligi sababli koʻrsatilgan yuridik yordam haqini toʻlashdan ozod etilganda, jinoiy ishni koʻrib chiqishda qatnashishga tayinlangan advokatning yuridik yordami uchun davlat hisobidan haq toʻlanadi.