Kontent qismiga oʻtish

Pablo Escobar

Ushbu maqola yaxshi maqolalar sarasiga kiradi.
Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Pablo Escobar

1976-yilda Kolumbiya mintaqaviy nazorat agentligi Medelin boʻlimi tomonidan qoʻlga olingan Pablo Escobar surati
Tavalludi
Pablo Emilio Escobar Gaviria

1-dekabr 1949-yil
Vafoti 2-dekabr 1993-yil(1993-12-02)
(44 yoshda)
Medelin, Kolumbiya
Fuqaroligi Kolumbiya bayrogʻi Kolumbiya
Kasbi siyosatchi
narkobaron
Boʻyi 1,65 santimetr
Turmush oʻrtogʻi María Isabel Santos Caballero (1976–1993)
Bolalari Oʻgʻli: Juan Pablo
Qizi: Manuela
Otasi Jesús Dari Escobar
Onasi Hermilda Gaviria
Qarindoshlari Escobar Gaviria
Roberto de Jesus
Luz María Escobar
Imzosi
Ushbu maqolani tinglang (15 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 30-dekabr, 2022-yil(2022-12-30) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.

Pablo Emilio Escobar Gaviria (talaffuzi: Pablo Emiliyo Eskobar Gaviriya; 1949-yil 1-dekabr, Rionegro – 1993-yil 2-dekabr, Medelin) – kolumbiyalik narkobaron, terrorchi va siyosatchi. Medelin kartelining asoschisi va yagona rahbari boʻlgan. Kartel 1980-yillar oxiri va 1990-yillar boshlarida Qoʻshma Shtatlardagi kokain savdosini monopoliya qilgan. „Kokain qiroli“ deb atalgan Escobar tarixdagi eng badavlat jinoyatchilardan biri boʻlib, uning boyligi taxminan 30 milliard (2022-yildagi hisobiga koʻra 70 milliard) AQSh dollarini tashkil etgan.

Rionegroda dehqon oilasida tugʻilgan va Medelinda oʻsgan Escobar Lotin Amerikasi avtonom universitetida qisqa vaqt oʻqigan. Oʻqishni tashlab, jinoiy faoliyat bilan shugʻullana boshlagan, noqonuniy sigaretalar va soxta lotereya chiptalari sotgan, avtotransport vositalarini oʻgʻirlashda qatnashgan. 1970-yillarning boshlarida turli kontrabandachi guruhlarda ishlay boshladi.

1976-yilda Escobar Gonsalo Rodriges Gacha, Carlos Lehder, Jorge Luis Ochoa bilan ittifoq tuzgandan soʻng, kokain tarqatuvchi Medellin karteliga asos soldi. Peru, Boliviya va Ekvadordan va Kolumbiya orqali Amerika Qoʻshma Shtatlariga birinchi kontrabanda yoʻllarini ochdi. Escobarning AQShga kirib borishi kokainga eksponensial talabni yuzaga keltirdi. 1980-yillarga kelib, Escobar boshchiligidagi kontrabandachilar har oyda 70 tonnadan 80 tonnagacha kokainni Kolumbiyadan AQShga yetkazib bergan. Bu koʻrsatkich oʻsha paytda dunyodagi giyohvand moddalar ishlab chiqarishning 80 foizdan ortigʻini va Qoʻshma Shtatlardagi qora bozorning 60 foizini tashkil qilgandi. Escobar taxminan sakkiz milliard dollar boylik toʻplagan va Forbes maʼlumotlariga koʻra, tez orada dunyoning eng boy odamlardan biriga aylangan.

1982-yilgi Kolumbiya parlament saylovlarida Escobar cheksiz boyligini legallashtirish maqsadida, Liberal partiya nomidan Vakillar palatasining muqobil aʼzosi etib saylandi. Ushbu lavozimi orqali uylar va futbol maydonlari qurish kabi jamoat loyihalarini amalga oshirib, oʻzi tez-tez tashrif buyuradigan shaharlardagi mahalliy aholi orasida obroʻ-eʼtibor qozondi. Biroq, Escobarning siyosiy intilishlari Kolumbiya va AQSH hukumatlari tomonidan toʻsqinlikka uchradi. U doimo raqib kartellar bilan kurashishga majbur boʻldi. Bir nechta politsiya xodimlari, sudyalar, mahalliy aholi va taniqli siyosatchilarning oʻldirilishiga sabab boʻldi. Davlat organlari tomonidan muntazam ravishda uni hibsga olishga urinishlar boʻlgan, Eskobar bunga javoban Avianca 203-reysidagi va DAS binosidagi portlashlarni uyushtirgan deb ishoniladi.

1989-yilda Escobar boshchiligidagi Medelin karteli hukumatga qarshi toʻlaqonli urush eʼlon qildi. Escobar oʻziga sodiq boʻlgan, liberal lider Luis Carlos Galán kabi Kolumbiya institutsionalligi uchun muhim hisoblangan shaxsni oʻldirgan. Mamlakatning yirik shaharlarida bir qancha terrorchilik harakatlarini amalga oshirishga buyruq bergan, keng qamrovli qotillar armiyasini tashkil etgan va moliyalashtirgan. Amaldagi Kolumbiya hukumatini tiz choʻktirgan va 90-yillarning boshlarida dunyodagi eng xavfli jinoyatchilardan biri hisoblangan. Eskobar 1989-yildan 1993-yilgacha 657 politsiyachining oʻldirilishi, Kali karteliga qarshi shiddatli toʻqnashuvlar, Magdalena Medio Antioquia hududidagi harbiylashtirilgan guruhlar toʻqnashuvlari va Los Pepes guruhi bilan shiddatli olishuvlar uchun javobgar edi.

1991-yilda Escobar hukumatga taslim boʻldi va koʻplab ayblovlar bilan besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. Kolumbiya Prezidenti bilan ekstraditsiya qilinmaslik toʻgʻrisida shartnoma tuzdi. Shartnomaga koʻra, Escobar „La Catedral“ deb nomlanuvchi shaxsiy qamoqxonasida hibsda oʻtirgan. 1992-yilda Escobar qamoqdan qochdi va uzoq vaqt yashirinib yurdi. 1993-yilda Escobar oʻz tugʻilgan shahrida Kolumbiya Milliy politsiyasi tomonidan 44 yoshga toʻlganidan bir kun oʻtib, oʻldirildi.

Kolumbiyada aholining yarmi Escobar shaxsini qoralasa, qolgan yarmi uni „Robin Hoodga oʻxshash“ shaxs sifatida koʻradi. Dafn marosimida 25000 dan ortiq kishi ishtirok etdi. Shaxsiy mulki Hacienda Napoles parkiga aylantirildi. Uning hayoti kino, televideniye va musiqada ilhom manbai hisoblanadi.

Hayotning boshlangʻich davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pablo Emilio Escobar Gaviria 1949-yil 1-dekabrda Antioquia departamentining Rionegro yaqinidagi El Tablazo qishlogʻida tugʻilgan. U Paisa etnik kichik guruhiga mansub edi. Uning oilasi ispan millatiga mansub boʻlib, otasining asli kelib chiqishi italyan boʻlgan. Pablo oilada yetti farzandning ikkinchisi boʻlib, uning oilasi qashshoqlikda kun kechirgan. Otasi kichik fermer, onasi oʻqituvchi boʻlgan. Akasi – Roberto de Jesus, singlisi – Gloria Ines, ukasi – Argemiro, singillari – Alba Marina va Louise Maria, ukasi Luis Fernando boʻlgan. Luis Fernando 19 yoshida oʻldirilgan.

Escobarning ona tomondan bobosi Roberto Gaviria Cobaleda 20-asr boshlarida, viski noqonuniy boʻlgan bir paytda taniqli viski kontrabandachisi boʻlgan. U kolumbiyalik huquqshunos va siyosatchi José Obdulio Gavirianing bobosi ham hisoblanadi.

Xo‘sh, oilamiz katta moliyaviy imkoniyatlarga ega bo‘lmagan va aksariyat kolumbiyaliklar kabi qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. Shu sababli, biz bu muammolardan chetda emasmiz, ularni chuqur his qilamiz va anglaymiz.

— Pablo Escobar[1]
Hacienda Nápolesdagi Escobar peshtaxtasi
Escobar oʻsgan va jinoiy faoliyatini boshlagan Medelin shahri

Ajdodlari va yaqin oila aʼzolari siyosatchilar, biznesmenlar, chorvadorlar va Antiokiya elitasining arboblari boʻlishgan. Oila aʼzolari orasida 1910-1914-yillarda Kolumbiya prezidenti boʻlgan Carlos Restreponing rafiqasi, xalqning birinchi xonimi Isabel Gaviria Duque ham bor. Pablo Escobarning choʻqintirgan otasi taniqli kolumbiyalik diplomat va ziyoli Joaquín Vallejo Arbeláez edi. Rionegro cherkovidagi yodgorlik toshida shunday deyilgan:

San-Nicolas-de-Rionegro cherkovida 1949-yil 4-dekabrda ruhoniy Juan M. Gomes shu oyning birinchi kuni tug‘ilgan chaqaloqni cho‘qintirdi. U bolaga PABLO EMILIO deb ism qo‘ydi. Bola ushbu qavmda istiqomat qiluvchi Abel de Jesus Escobar va Ermilda Gavirianing qonuniy farzandi. Ota tomonidan bobosi Pablo Emilio Escobar va buvisi Sara Maria Echeverri. Ona tomondan bobosi Roberto Gaviria va buvisi Ines Berrio. Cho‘qintirgan ota-onalar: Joaquín Vallejo Arbeláez va Nelly Mejía de Vallejo, ularga o‘zlarining ma’naviy munosabatlari va majburiyatlari haqida maslahat berishgan. Tasdiqlayman. Agustin Gomes. Ruhoniy. MARGINAL TASDIQLASH QOG‘OZI. 1952-yil 21-oktyabrda Alfonso Uribe Jaramillo janoblari tomonidan Kichik Bazilika soborida tasdiqlangan. Cho‘qintirgan ota: Gustavo Gaviria. Tasdiqlayman. Juan M. Gomes, Ruhoniy. NIKOH HAQIDA QISQA YOZUV. U 1976-yil 29-martda Valle viloyatining Palmira shahrida joylashgan La Stma Trinidad cherkovida nikohdan o‘tgan. Guvohlar: Alfonso Hurtado va Dolores de Vallejo. U Victoria E. Henao bilan turmush qurgan. Tasdiqlayman. Monsinyor Samuel Alvares Botero.

Bolaligi va yoshligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Onasining soʻzlariga koʻra, Pablo Escobar maktabning boshlangʻich sinflaridayoq shunqorlikni namoyon qila boshlagan. Oʻrta sinflarda uning sinfdoshlari ustidan yetakchilik xislati yaqqol namoyon boʻlgan. Amakivachchasi Gustavo Gaviria Rivero ikkalasi oʻqigan Lucrecio Jaramillo Velez oʻrta maktabida kichik „biznes“ bilan shugʻullanishgan. Lotereya oʻtkazishgan, imtihondagi savollarga javoblarini sotishgan va past foiz evaziga qarz berishgan. Shu tariqa Pablo Escobar oʻzining biznes va tijorat „qobiliyatini“ rivojlantira boshlagan.

Eskobar oʻrta maktabni 1966-yilda, 17 yoshga toʻlishi arafasida tugatgan. Ikki yildan keyin amakivachchasi Gustavo Gaviria bilan qaytib kelgan. Oʻsha paytda Medellin koʻchalaridagi ogʻir hayot ularni gangster bezorilariga aylantirdi. Bir yildan koʻproq vaqt oʻtgach, ikkalasi ham maktabni tashlab ketishdi, ammo Eskobar taslim boʻlmadi. Pablo oʻrta maktab diplomini soxtalashtirib, Medellindagi Lotin Amerikasi avtonom universitetining iqtisodiyot fakultetiga oʻqishga qabul qilindi. Bir qancha qarindoshlari ham shu oliygohda tahsil oldi. Moddiy yetishmovchilik tufayli Pablo oʻqishdan voz kechishga majbur boʻldi va oʻzini shaxsiy bizneslariga bagʻishlashni afzal koʻrdi. Oʻzining past boʻyi tufayli his qilgan va bu uni balandroq koʻrsatish uchun toʻpiqli maxsus poyabzal kiygan.

Jinoyat olamiga kirib kelishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boshlanish davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Escobar jinoiy faoliyatini oʻz guruhi bilan kichik firibgarlik, oʻgʻirlik va qabr toshlarini oʻgʻirlash, ularning yozuvlarini oʻchirib, qayta sotish bilan boshlagan. Kollejni tugatgandan soʻng, Escobar mashina oʻgʻirlash bilan shugʻullanadigan jinoiy guruhlarga qoʻshila boshladi. Tez orada qarzdor boʻlgan odamlarni oʻgʻirlash va qaytarishni talab qilish xizmatlari bilan shugʻullanuvchi jinoyatchilarni toʻdasini ishga yolladi. Uning eng mashhur qurboni biznesmen Diego Echavarria Misas edi: u oʻgʻirlab ketilgan va 1971-yilning yozida oʻldirilgan. Escobar Echavarria oilasidan 50 ming AQSh dollari olgan, uning toʻdasi bu oʻgʻirlik bilan mashhur boʻlgan. Escobar xuddi shu jarayonni narkobaron Fabio Restrepo bilan takrorlagan – 1975-yilda uni oʻgʻirlab, oʻldirgan.

Escobar keyinchalik Kolumbiyadagi kontrabanda qiroli Alfredo Gomes Lopez uchun ishlay boshladi. Tez orada Escobar Griselda Blanco homiyligida AQShga marixuana kontrabandasi orqali giyohvand moddalar savdosiga kirdi. Marixuana bumi tugagandan soʻng, Escobar Kolumbiya, Boliviya va Peruda kokain pastasini sotib olgan vositachi sifatida ishlay boshladi, keyinchalik uni AQShga olib borish uchun mas’ul boʻlgan sheriklari – aka-uka Ochoaga qayta sotdi.

Medelin karteli

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Giyohvand moddalar sotilishining xalqaro yoʻnalishlari

1970-yillarning oʻrtalarida Escobarning shiddat bilan boyishi Kolumbiya xavfsizlik xizmatining (qisqarmasi – DAS) eʼtiborini tortdi. 1976-yil may oyida Ekvadordan qaytgan Escobar hibsga olindi. DAS agentlari Eskobar avtomashinasidan 39 kilogram kokain topishgan. Sudda Escobar birinchi sudyani oʻzgartirishga muvaffaq boʻldi va sud jarayoni ikkinchi sudyaga pora berish orqali tugatildi, shu tufayli boshqa mahbuslar bilan birga ozod qilindi. Bir yildan soʻng, Escobarni hibsga olgan agentlar oʻldirildi. Eskobar xuddi shu tarzda Kolumbiya huquq-tartibot idoralari xodimlariga pora berish va ularni qoʻrqitishda davom etdi. Kolumbiyadagi davlat amaldorlari va siyosiy nomzodlarga pora berish boʻyicha „pul yoki oʻlim“ degan maʼnoni anglatuvchi „kumush yoki qoʻrgʻoshin“ usuli boʻlib, bu usul pora taklifini rad etganlarni oʻldirishdan iborat edi. Medelin karteli va Kali karteli aʼzolari Kolumbiya siyosatchilariga pora berishga muvaffaq boʻlishdi. Konservativ va liberal partiyalar uchun kampaniya olib borishdi. Medelin karteli oʻzining „pul yoki oʻlim“ qonunini qotillarning katta armiyasi orqali jamiyatga tatbiq qilgan boʻlsa, Kali karteli siyosatchilar, jurnalistlar, politsiya zobitlari, armiya zobitlari, sudyalar va boshqalarga pora berishni afzal koʻrdi. Shunday qilib, Escobar va boshqa kolumbiyalik narkobaronlar Kolumbiya hukumatining har bir darajasida kurash olib borishdi, chunki ular moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlagan koʻplab siyosiy nomzodlar oxir-oqibat saylanishdi. Medelin karteli 1970-yillarning boshlarida tashkil etilgan boʻlsa-da, Escobar 1978-yil aprel oyida bir nechta narkobaronlar bilan uchrashganidan keyin kengaydi va 1978-yil oxiriga kelib ular AQShga taxminan 19 ming kilogramm kokain yetkazishdi.

Mashhurlik sari yoʻl

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Kokain kukuni

Koʻp oʻtmay, Qoʻshma Shtatlarda kokainga boʻlgan talab sezilarli darajada oshdi, bu Escobarning Janubiy Florida, Kaliforniya, Puerto-Riko va mamlakatning boshqa qismlarida koʻproq kontrabanda joʻnatmalari, yoʻnalishlari va tarqatish tarmoqlarini tashkil qilishiga olib keldi. U va kartel asoschilaridan biri Karlos Lehder Bagama orollarida, Florida sohilidan 350 km (220 mi) janubi-sharqda Normanʼs Cay deb nomlangan yangi yuk tashish punktini birgalikda barpo etishdi. Robert Vesco bilan birga oroldagi yerning katta qismini sotib oldi, unga aeroport, kemalar uchun port, mehmonxona, uylar, qayiqlar, kokainni saqlash uchun muzlatgichli ombor qurishgan. Pabloning akasi Roberto Escobar soʻzlariga koʻra, Normanʼs Cay orolini sotib olish gʻoyasi Lehderning tashabbusi boʻlgan. 1978-yildan 1982-yilgacha bu orol Medelin karteli uchun markaziy kontrabanda yoʻnalishi boʻlgan. Ushbu yoʻnalish orqali yetkazilgan kokaindan olingan katta daromad orqali Escobar tez orada Antiokiyadagi 20 kvadrat kilometr yerni sotib oldi. Ushbu maydonda "Hacienda Napoles" deb nomlangan majmuani qurdirdi. Majmua hayvonot bogʻini oʻz ichiga olgan boʻlib, unda dunyoning turli mintaqalaridan begemotlar, jirafalar, fillar, zebralar va tuyaqushlar kabi ekzotik hayvonlarning ikki yuzdan ortiq turlari keltirilgan. Hayvonlarning barchasi INDERENA davlat tashkiloti va bojxona organlari xodimlariga pora berish natijasida mamlakatga kiritilgan. Majmuada sunʼiy koʻl, haykallar bogʻi, chorva hayvonlari fermasi, Escobar oila aʼzolari uchun uylar bor edi.

Escobar binolar, uylar, avtomobillar kabi turli mulklarga sarmoya kiritgan. Ulkan boyligi tufayli dunyo milliarderlari qatorida edi. Forbes maʼlumotlariga koʻra dunyoning yettinchi eng boy odami hisoblangan[2][3].

Siyosiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Adliya vaziri Rodrigo Lara (o'rtada) va prezidentlikka nomzod Luis Carlos Galán (chapda) Escobarning buyrug'i bilan o'ldirilgan.

Oʻzining qudrati choʻqqisida Escobar Kolumbiyada xayriya ishlari bilan shugʻullangan va oʻzining kokain laboratoriyasi xodimlariga yaxshigina haq toʻlagan. Escobar Medelinning eng qashshoq mahallalarini rivojlantirish uchun millionlab pul sarflagan. Turar-joy majmualari, bogʻlar, futbol stadionlari, kasalxonalar, maktablar va cherkovlar qurdirgan[4][5]. Uning eng mashhur xayriya ishi Medellin chekka hududlaridagi xarobalarda yashovchi odamlar turmushini yaxshilashga qaratilgan „Xarobalarsiz Medelin“ mahallasi edi[6][7]. 1982-yilgi prezidentlik va mintaqaviy saylovlar boshlanishi arafasida Escobar oʻzining daromadli giyohvand moddalar savdosini himoya qilish uchun sharoit yaratishi kerakligini tushundi. U siyosatchilar, moliyachilar, huquqshunoslar va boshqalar bilan aloqa oʻrnatib, hurmatli inson qiyofasini yarata boshladi. Medelin kambagʻallariga bergan yordami tufayli „Robin Hood paisa“ hisoblangan Escobar Liberal yangilanish harakatidan Antokiya vakili sifatida saylangan kongressmen Jairo Ortega Ramírez yordamida siyosat maydoniga kirdi[8][9]. Siyosat dunyosida Escobarning ustozi Tolima tumani rahbari Alberto Santofimio Botero hisoblangan. Ushbu Ramirez-Botero-Escobar uchligi dastlab Liberal partiyaning yangi liberalizm harakati faoli, dissident Luis Carlos Galán nomzodini qoʻllab-quvvatladi. Medelindagi siyosiy tashviqot paytida, Galan oʻzining yordamchisi Ivan Marulanda orqali boyligining kelib chiqishi shubhali boʻlgan odamlarning Liberal harakatga qoʻshilganligini bilib oldi. Galan Medelinning Berrio parkida Escobarning ismini tilga olmagan holda, unga oʻxshash soyali biznes bilan shugʻullanadigan odamlarni qoʻllab-quvvatlashni rad etib, Escobarni ommaviy ravishda haydab chiqardi[10][11]. Qarshiliklariga qaramay, Escobar 1982-yilda Kolumbiya Kongressiga saylandi. Unga avtomatik ravishda parlament daxlsizligi va Kolumbiya qonunchiligiga muvofiq diplomatik pasport berildi. Escobar asta-sekin jamoat arbobiga aylanib bordi. Intervyularidan birida oʻz boyligini „16 yoshida asos solgan velosiped ijarasidan“ kelganini aytgan[12].

Escobar 1982-yilda Demokratik Ispaniyaning uchinchi prezidenti Felipe Gonzálezning inauguratsiya marosimiga taklif qilindi[13][14][15][16][17][18].

1983-yilda Kolumbiya Kongressda yangi tayinlangan adliya vaziri Rodrigo Lara-Bonilla Escobarni jinoiy faoliyat olib borganlikda aybladi[19]. Kolumbiya siyosatiga va futboliga noqonuniy pul kirib kelganini qoralagan vazir, Escobarni giyohvand moddalar savdosi bilan shug'ullanganlikda va "Muerte a Secuestradores" (o'g'irlab ketuvchilarga o'lim, MAS) xususiy harbiylashtirilgan guruhiga rahbar bo'lganlikda aybladi[20]. Eskobar Jairo Ortega bilan birgalikda narkotik moddalar tarqatuvchi Evaristo Porrasning Lara senat saylov kampaniyasiga bergan chekining nusxasini ko‘rsatishni talab qilgan. Bundan tashqari, vazirni Escobarga qarshi dalillarni ko‘rsatishga, aks holda tuhmat va obro‘sizlantirganlik uchun sudga berishini aytib tahdid qilgan[21][22][23][24]. "El Espectador" gazetasining muharriri va egasi Guillermo Cano Isaza Escobarni tanib qolgan. U María Jimena Duzán va yana bir muxbir hamrohligida gazetaning arxiviga borib, bir vaqtlar Pablo Escobar amakivachchasi Gustavo Gaviria bilan birga hibsga olingani haqida xabar berilgan maqolani topishgan. Pabloning kokain pastasi saqlagani uchun hibsga olingani haqidagi xabar mamlakat yuqori doiiradagi amaldorlariga yetib borgan[25][26].

Tranquilandia Medelin kartelining asosiy kokain ishlab chiqarish markazi edi. Unda 19 ta qayta ishlash laboratoriyasi, mo'l-ko'l toza suv (Yari daryosidan oquvchi), mustaqil elektr tizimi, yotoqxonalar va qo'nish zonasi bor edi. Majmua 1984-yilda Milliy politsiya va DEA tomonidan vayron qilingan, qiymati 1,2 milliard dollarga teng 14 tonnaga yaqin giyohvand moddalar musodara qilingan.
Tashqi videofayllar
Pablo Escobar. El Terror de Colombia.
Pablo Escobar. El terror de Colombia

1976-yilda Escobarning hibsga olinganligi fakti Lara Bonillaning qo'l ostidagi xodimlari tomonidan tekshirilgan. AQShlik jurnalist Brian Ross 1983-yil 5-sentyabrdagi NBC teletarmog'ida e'lon qilgan surishtiruvida bu haqida ma'lumotlar keltirilgan[27]. Escobar Kongressdan chiqarib yuborilgan va uning Qo'shma Shtatlarga vizasi bekor qilingan. Sudya Gustavo Zuluaga Zerna esa Escobarni 1976-yilda qo'lga olgan ikki DAS agentini o'ldirganlikda ayblab, hibsga olish uchun order berdi. Shu bilan birga, Laraning roziligi bilan politsiya va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash xizmati (DEA) xodimlari bilan birgalikda Rodriges Gachaga tegishli bo'lgan bir nechta kokainni qayta ishlash laboratoriyalaridan iborat Tranquilandia majmuasini topib va buzdirib tashlashdi[28]. Escobar qarshilik ko'rsatgan bo'lsa-da, 1984-yil yanvar oyida siyosatdan ketishini e'lon qildi[29][30]. Uch oy o'tgach, Lara-Bonilla o'ldirildi[12][31][32].

Narkomaniya va terrorizmga qarshi kurash

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kolumbiya Jinoyatchilikka qarshi kurash komissiyasi qidiruvdagi jinoyatchilarni boshqa mamlakatlarga topshiradi, ular namunali tarzda jazolanadi.

— Belisario Betancur, Kolumbiya Prezidenti[33]

Ilgari kolumbiyaliklarning ekstraditsiya qilinishiga qarshi chiqqan prezident Belisario Betankur unga ruxsat berishga qaror qildi. Medelin karteli a'zolarini qo'lga olish bo'yicha bir qator politsiya operatsiyalarini boshlab yuborildi. Kartelning asosiy rahbarlari Panamada boshpana topishga majbur bo'lishdi. 1984-yil may oyida Panama shahridagi Hilton mehmonxonasida ushbu mamlakatdagi saylovlarda kuzatuvchi sifatida qatnashgan sobiq prezident Alfonso López Milchelsen bilan suhbat qilishdi[34]. Ular Kolumbiya adliya vazirning o'ldirilishiga aloqadorliklarini rad etib, ekstraditsiya qilmaslik sharti bilan Kolumbiyaga taslim bo'lishni taklif qilishdi. Mazkur suhbat matbuotga sizdirilgan va bir necha oydan keyin ular yashirincha Kolumbiyaga qaytishdi[35][36].

1984-yil noyabr oyida Los Extraditables kompaniyasi Bogotadagi AQSh elchixonasi oldida bomba o'rnatilgan mashinani portlatib, bir kishini o'limiga sabab bo'ldi[37]. Lara Bonilla o'ldirilganidan bir yil o'tib, hukumat ularga qarshi kurashish bo'yicha e'lon qilganiga qaramay, Medelin kartelining a'zolari jazosiz qolishdi. Ular mamlakatning katta hududlarida o'zlarining jinoiy tarmoqlarini kengaytirib, Nikaragua va Kuba davlatlarida kokain savdosining yangi yo'llarini ochishdi. 1985-yilning kuzida qidiruvdagi Escobar Kolumbiya hukumatidan AQShga ekstraditsiya qilinmasdan shartli ravishda taslim bo'lishiga ruxsat berishni so'radi. Taklif rad etildi[38][39].

Kolumbiya sud tizimi 1980-yillarning o'rtalarida Escobarning nishoni bo'lgan. Escobarning armiyasi 1985-yil 6-noyabrda Kolumbiya sud binosiga hujum qilgan va Oliy sud sudyalaridan 3 nafarini o'ldirgan[12].

1986-yil oxirida Kolumbiya Oliy sudi ekstraditsiya haqidagi avvalgi shartnomani prezident emas, prezident delegatsiyasi imzolaganligi sababli noqonuniy deb topdi. Biroq, yangi prezident Virgilio Barco Vargas tezda Qo'shma Shtatlar bilan kelishuvini yangiladi[40][41].

Luis Carlos Galán tomonidan siyosiy maydondan haydalgani uchun unga nisbatan nafratini saqlagan Escobar, undan o'ch olgan. Galán Escobarning buyrug'i bilan 1989-yil 18-avgustda o'ldirildi. Galánning vorisi César Gaviria Trujilloga suiqasd uyushtirish maqsadida Avianca shirkatiga tegishli 203-reysga bomba o'rnattirdi[12]. Trujillo samolyotga chiqmagan va tirik qolgan. Portlashda samolyot bortidagi 107 kishining barchasi halok bo‘lgan. Portlashda ikki amerikalik ham halok bo'lganligi sababli, AQSh hukumati Escobar ishiga to'g'ridan-to'g'ri aralasha boshladi[41][42][43][44][45][46].

Qidiruv bloki va „Los Pepes“

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hayotining tugashi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Pablo Hacienda Nápolesda
Medelin shahar Politsiyachilari, maxsus guruh zobitlari va Hugo Martinez Pablo Escobar jasadi oldida

Pablo Escobar bir necha oy davomida yashirinib yurishga majbur boʻlgan. 1993-yilning 2-dekabr kuni Escobar xotiniga qoʻngʻiroq qiladi. Suhbatni „proslushka“ qilayotgan „maxsus guruh“ xodimlari uning turar joyini aniqlaydilar. Tez orada Escobar yashiringan koʻp qavatli uy qurshab olinadi. Harbiylar uning uyiga bostirib kiradilar. Uyda Escobar, uning bir tansoqchisi va ikki nafar xizmatkori bor edi. Pabloning tansoqchisi Alvaro de Jesús Agudelo harbiylar bilan boʻlgan otishmada halok boʻladi. Xizmatkorlar oynadan pastga sakrab, qochib ketayoganda politsiyachilar tomonidan otib oʻldiriladi. Pablo Escobarning oʻzi bino tomi orqali qochayotgan vaqtida, „maxsus guruh“ snayperi uning oyogʻiga oʻq uzadi va u yerga qulab tushadi. Yaralangan va yerda yotgan Escobarning boshiga qarata snayper tomonidan yana ikkita oʻq uziladi.[44][47][48]. Baʼzi manbalarda Escobar oʻz joniga qasd qilgan boʻlishi mumkinligi aytiladi[47]. Pablo Escobarning vafotidan keyin Medelin kokain karteli butunlay barham topdi. Koʻp oʻtmay, 1990-yillar oʻrtalariga kelib, unga raqobatchi Kali karteli ham batamom yoʻq qilindi.

Xayriya ishlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pablo Escobar Kolumbiyadagi kambagʻal aholiga har doim yordam bergan. Ayniqsa, bolalar futboliga qilgan homiyligi uchun u xalqning eʼtiborini qozongan. U homiylik qilgan Atlético Nacional futbol jamoasi 1989-yilgi Janubiy Amerika futbol chempionati gʻolibi boʻlgan[49]. Mamlakat gʻarbidagi eng yirik hisoblangan Rim katolik cherkovining qurilishini ham Pablo Escobar moliyalashtirgan[50].

Escobar 1976-yili 15 yashar Mariya Viktoriyaga uylangan. Undan ikki farzandi: (Xuan Pablo va Manuela) bor[51]. Escobarning oʻlimidan soʻng, uning xotini va farzandlari Argentinaga koʻchib oʻtishgan. Shuni aytish kerakki, uning oʻgʻli Sebastian jurnalistlarga bergan intervyusida shunday degan: „Biz qochqin paytida ekanligimizda, otam men va singlimni sovuqdan asrash va ovqat tayyorlab berish uchun naqd 2 million dollarni gulxanga tashlagan“[52].

OAV Escobar haqida

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. https://www.guioteca.com/los-90/20-de-las-frases-mas-recordadas-del-narcotraficante-pablo-escobar-quien-a-veces-decia-ser-dios/
  2. „Pablo Escobar's Son: 'Forbes is Lying'“. Forbes.
  3. Héctor Latorre. „Colombia: 10 años sin Escobar“ (2003-yil 2-dekabr).
  4. „Pablo Escobar: Interesting Facts You May Not Know About the King of Cocaine“. LATIN POST (2020-yil 25-oktyabr). 2023-yil 18-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 13-avgust.
  5. Herzog. „Pablo Escobar Biopic: The Cocaine King Full of Contradictions“. Newsweek (2015-yil 9-iyul). 2023-yil 13-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 13-avgust.
  6. „Medellín sin tugurios: SEMANA visitó el barrio que levantó Pablo Escobar. Allí todavía lamentan la muerte del capo“ (2023-yil 2-dekabr).
  7. „El barrio "Medellín sin tugurios" la herencia de Pablo Escobar que sus habitantes quieren cambiar“ (2021-yil 3-fevral).
  8. „"Cariño, prepárate para ser la primera dama": Así fue el camino de Pablo Escobar en la política“ (2023-yil 28-sentyabr).
  9. „Jairo Ortega, el político paisa que llevó a Pablo Escobar al Congreso“ (2018-yil 16-avgust).
  10. „Asesinato de Luis Carlos Galán“.
  11. „Lo que nunca le perdonó Pablo Escobar a Luis Carlos Galán“ (2024-yil 18-avgust).
  12. 12,0 12,1 12,2 12,3 Bowden 2001.
  13. „El día que Felipe González conoció al narco Pablo Escobar“ (2022-yil 28-oktyabr).
  14. „Cuando Pablo Escobar se coló en la fiesta de González: La noche electoral oculta del 82“ (2022-yil 28-oktyabr).
  15. „La carrera política de Pablo Escobar: Así fue como el más sanguinario narcotraficante colombiano trató de ser presidente“ (2021-yil 26-sentyabr).
  16. „"Cuando Pablo Escobar me presentó en Madrid a Felipe González el día que ganó las elecciones"“.
  17. „Felipe González y el dinero de los cárteles colombianos de la droga“ (2021-yil 13-mart).
  18. „Iglesias recuerda que Felipe González conoció al 'narco' Pablo Escobar en Madrid“ (2016-yil 21-noyabr).
  19. „Se Prendio la Mecha“ (1983-yil 19-sentyabr).
  20. „Rodrigo Lara: 10 Años“ (1994-yil may).
  21. „Muerte a secuestradores MAS: Los orígenes del paramilitarismo“ (2011-yil 23-sentyabr).
  22. „El MAS, mito fundacional del paramilitarismo“.
  23. „Los ataques contra Rodrigo Lara Bonilla por enfrentar a Pablo Escobar“ (2018-yil 2-dekabr).
  24. „¿Cuál es el origen del enfrentamiento entre Artunduaga y los Lara?“ (2016-yil 24-fevral).
  25. https://revistas.javerianacali.edu.co/index.php/perspectivasinternacionales/article/download/1224/1065/1528
  26. https://www.elespectador.com/judicial/este-es-el-articulo-de-el-espectador-que-revelo-que-pablo-escobar-era-un-narco/
  27. Ehrenfeld, Rachel. Evil Money: the Inside Story of Money Laundering and Corruption in Government, Banks and Business. New York, NY: Shapolsky Publishers, Inc., 1994 — 14-bet. ISBN 1-56171-333-3. Qaraldi: 2015-yil 13-aprel. 
  28. „Thirty Years of America's Drug War | Drug Wars | FRONTLINE | PBS“. PBS.
  29. „La sangrienta venganza de Pablo Escobar contra todos los que ayudaron a desenmascararlo“ (2023-yil 3-dekabr).
  30. „Así fue desmantelado Tranquilandia, el primer gran laboratorio de droga de Pablo Escobar“ (2023-yil 5-oktyabr).
  31. „Una historia sin contar de Rodrigo Lara Bonilla“ (2016-yil mart).
  32. https://www.elespectador.com/opinion/columnistas/ramiro-bejarano-guzman/el-hombre-que-dejamos-solo/
  33. „El presidente Betancur declara la guerra a los traficantes de drogas en Colombia tras el asesinato del ministro de Justicia“ (1984-yil 2-may).
  34. https://www.elespectador.com/opinion/columnistas/oscar-alarcon/los-narcos-en-panama/
  35. „La relación de Pablo Escobar y Manuel Antonio Noriega: Desde Panamá negoció un tratado de paz, vio nacer a su hija y tuvo cédula“ (2023-yil 10-oktyabr).
  36. „Escobar: 17 Años de Historia del Criminal“ (1993-yil 2-dekabr).
  37. „Carro-Bomba en la Embajada“ (1984-yil 31-dekabr).
  38. „Exaliado de Escobar narra presuntos tratos con Cuba y los sandinistas“.
  39. „Un exaliado de Pablo Escobar narra supuestos negocios con Cuba y los sandinistas“ (2024-yil 15-yanvar).
  40. „Cali Colombia Nacional Pablo Escobar financió la toma del Palacio de Justicia Escobar financió toma del Palacio de Justicia“. El Pais. 2015-yil 24-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 12-sentyabr.
  41. 41,0 41,1 Karl Penhaul.. Drug kingpinʼs killer seeks Colombia office. Boston Globe (2003-yil 9-may).
  42. „25 years on, Colombia still mourns Escobar plane bombing, still wants answers“ (en). The Japan Times (2016-yil 8-iyul). 2016-yil 24-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 30-iyul.
  43. „El Pais - Cali Colombia nacional Pablo Escobar financió la toma del Palacio de Justicia Escobar financió toma del Palacio de Justicia“. elpais.com.co. 2015-yil 24-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 12-sentyabr.
  44. 44,0 44,1 „Decline of the Medellín Cartel and the Rise of the Cali Mafia“. U.S. Drug Enforcement Administration. 2006-yil 18-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 13-fevral.
  45. Treaster, Joseph B.. „Colombian Drug Baron Escapes Luxurious Prison After Gunfight“. The New York Times (1992-yil 23-iyul), s. 1. Qaraldi: 2011-yil 21-iyul.
  46. Interview with Hugo Martinez – the man who 'gotʼ Pablo Escobar (Wayback Machine saytida 2013-05-17 sanasida arxivlangan) D.Streatfeild. November 2000.
  47. 47,0 47,1 „Familiares exhumaron cadáver de Pablo Escobar para verificar plenamente su identidad“. eltiempo.com.
  48. Video of Escobarʼs exhumation YouTubeda
  49. Davison, Phil. „The Road to Italy: In the Shadow of the Drug Barons.“ The Independent 20 May 1990. Lexis-Nexis Academic. 8 Oct. 2009
  50. Mark: The Hunt For The Worldʼs Greatest Outlaw." Atlantic Monthly Press, New York 2001
  51. Ceaser, Mike. „At home on Pablo Escobarʼs ranch“ (2008-yil 2-iyun). Qaraldi: 2010-yil 13-fevral.
  52. DM: Eskobar sjyog $2 mln, chtobi sogret doch
  53. 53,0 53,1 „Venezuelan actor Edgar Ramirez to Play PABLO ESCOBAR“. Poor But Happy. 2009-yil 4-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 31-oktyabr.
  54. Escobar, Roberto. Escobar. Hodder Paperbacks, 2010. 
  55. McAleese, Peter. No Mean Soldier. Cassell Pub, 1993. 
  56. Escobar, Juan Pablo. Pablo Escobar: My Father. Thomas Dunne Books, 2016. ISBN 9781250104625. 
  57. Pablo Escobar: The King of Coke. National Geographic, 2007.  (Amazon)
  58. Pablo Escobar: The King of Coke. National Geographic, 2007.  (Wayback Machine saytida 2019-04-03 sanasida arxivlangan)
  59. 59,0 59,1 „Weekly Screengrab: Sparring Partners“. TribecaFilmFestival.org (2007-yil 1-oktyabr).
  60. Benisio del Toro sigraet Pablo Eskobara